Majburiy ijro byurosining Kosonsoy tuman boʼlimi voyaga yetmagan farzandlarning qonun bilan belgilangan huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida farzdandlarning moddiy taʼminoti uchun sud qarorlariga asosan undirilishi lozim boʼlgan aliment toʼlovlari undirib berilmoqda.
 
Masalan, boʼlim ish yurituvidagi fuqarolik ishlari boʼyicha Namangan tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor I.Rahmonberdievdan undiruvchi Z.Tursunova foydasiga ikki nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun qarzdorning har oyda topgan barcha turdagi daromadining 1/3 qism miqdorida aliment undirish belgilangan. 
 
Mazkur ijro hujjati boʼyicha qarzdor I.Rahmonberdievning aliment toʼlovlaridan boʼlgan qarzdorligi 10.000.000 soʼmni tashkil etib, davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida joriy yilning 6 fevralь kuni 8.000.000 soʼm aliment toʼlovlari undirib berilishi taʼminlandi.
 
Shuningdek, boʼlim tomonidan ish yurituvidagi aliment undirish bilan bogʼliq ijro hujjatlari boʼyicha oilalarni yarashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 
 
Natijada qator hamkor tashkilotlar bilan olib borilgan hamkorlikdagi tadbirlar samara berib, joriy yilning yanvarь oyi davomida 32 ta oilalar yarashtirildi.
 
Xususan, boʼlim ish yurituvidagi fuqarolik ishlari boʼyicha Yangiqoʼrgʼon tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor I.Mehmonovdan undiruvchi K.Eshondadaeva foydasiga bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun qarzdorning har oyda topgan barcha turdagi daromadining ¼ qism miqdorida aliment undirish toʼgʼrisidagi ijro hujjati boʼyicha olib borilgan tushuntirishlar natijasida oilani yarashtirish taʼminlandi. 
 
Byuroning Kosonsoy tuman boʼlimi tomonidan bu boradagi tadbirlar davom etmoqda.

Foydali havolalar