Joriy yilning 25 noyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Fargʼona viloyati boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda matbuot xizmati rahbarlari bilan 10 oylik faoliyat yakunlariga bagʼishlangan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.

Tadbirda, boshqarma boshligʼining oʼrinbosarlari, boshqarma tarkibiy tarmoqlari rahbarlari, soha mutaxassislari hamda viloyat teleradiokompaniyasi, “Ruxsor” teleradiokanali, matbuot nashrlari, internet-saytlari vakillari, shuningdek, korxona, tashkilotlar matbuot xizmati masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Byuroning oldiga qoʼyilgan vazifalardan kelib chiqib, Majburiy ijro byurosi Fargʼona viloyat boshqarmasi tomonidan viloyatda debitor qarzdorlikni qisqartirish va toʼlov intizomi samaradorligini oshirish borasida bir qator ishlar qilinmoqda.

Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va qattiq maishiy chiqindilar boʼyicha 2019 yilning 10 oyi mobaynida undirilgan mablagʼlarning viloyatlar kesimidagi ulushi boʼyicha tahlil qiladigan boʼlsak, Fargʼona viloyati respublika miqyosida Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan keyin 3-oʼrinda borayotganini koʼrishimiz mumkin. Yoki boshqacha qilib aytadigan boʼlsak, respublika boʼyicha undirilayotgan toʼlovlarning 10 foizdan ortigʼi Fargʼona viloyati hissasiga toʼgʼri kelmoqda.

Аytib oʼtish kerakki, aliment toʼlovi boʼyicha qarzdor shaxslar bilan oʼtkazilgan profilaktika va tushuntirish ishlari natijasida 2880 ta oilalar yarashtirildi.

Аliment undirish toʼgʼrisidagi ijro hujjatlari boʼyicha doimiy ish oʼrniga ega boʼlmagan qarzdor fuqarolarni ishga joylash va shu orqali aliment pullarini oʼz muddatida toʼlanishiga erishish maqsadida mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 2019 yilning 10 oyi davomida 1292 ta qarzdorlar turli ishlarga joylashtirildi.

Matbuot jarayonida OАV vakillari tomonidan berilgan va ularni qiziqtirgan savollarga MIB viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan javoblar va tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash va byuro faoliyatiga oshkoralik berilishida bevosita yaqindan yordam koʼrsatib kelayotgan bir guruh OАV vakillariga boshqarma boshligʼining tashakkurnomasi va esdalik sovgʼalari topshirildi.

Xususan, “Ruxsor” teleradiokanali bosh muharriri M.Аkbarov, “Huquq dunyosi” jurnali muharriri M.Erkaboeva, “Rishton 24” telegramm kanali blogeri, “Vodiy 24.uz” internet ommaviy axborot vositalari muxbiri U.Qodirov va Fargʼona viloyati Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bosh mutaxassisi B.Raxmonga rasman tashakkurnoma eʼlon qilindi.

Matbuot anjumani nihoyasida ishtirokilarga Byuro xodimlarining faoliyati bilan shaxsan tanishishlariga imkon yaratib berildi.

MIB boshqarmalari

Davlat ramzlari

Foydali havolalar