Joriy yilning 13 iyun kuni Internetning “PRАVDА VOSTOKА nashri PORTАLI” (pv.uz sayti)da “Ishlamayotgan muzlatgichdagi insulin yoki MIB xodimlarining muomalasi haqida” nomli maʼlumot joylashtirilgan.

   Maʼlumotda, “Pravda vostoka” tahririyati xodimi Timur Nizaev (tahallusi Toji Timurov) Byuroning Mirzo Ulugʼbek tumani boʼlimi xodimi tomonidan 3 kunlik toʼlov muddati oʼtgan elektr energiyasidan boʼlgan qarzdorligi uchun tarmoqdan uzib ketilgani va buning uchun jarima qoʼllanilgani hamda xodimlarning muomala madaniyatidan noroziligini bildirgan.

   Аniqlanishicha, Toshkent shahar Mirzo Ulugʼbek tumani Аlanga koʼchasi 10-uyda yashovchi (Niyozova Karima Timurovna nomiga rasmiylashtirilgan) “Pravda vostoka” tahririyati xodimi jurnalist Timur Nizaevga joriy yilning 31 may kuni tabiiy gaz uchun 330 ming 289 soʼm, elektr energiyasi uchun 209 ming 750 soʼm va ichimlik suvi uchun 200 ming 693 soʼmlik qarzdorlik uchun talabnomalar yuborilgan.

  Mazkur talabnomani isteʼmolchi T.Nizaevning turmush oʼrtogʼi D.Karieva qabul qilgan boʼlsada, elektr energiyasi uchun 209 ming 750 soʼmlik qarzdorlikni bartaraf etish choralari koʼrilmagan.

  Shundan soʼng, joriy yilning 8 iyunь kuni Byuroning Mirzo Ulugʼbek tuman boʼlimi texnik kuzatuv muhandisi D.Komilov isteʼmolchi T.Nizaev va turmush oʼrtogʼiga qonun talablarini tushuntirgan holda, xonadonni elektr energiyasi tarmogʼidan ajratib, dalolatnoma rasmiylashtirgan.

  Isteʼmolchi T.Nizaev esa, D.Komilovning harakatiga eʼtiroz bildirib, shikoyat qilishini bildirgan.

  Oʼz navbatida, D.Komilov talabnoma boʼyicha qarzdorlikni bartaraf etish chorasini koʼrmaganligi tufayli tarmoqdan uzganligi va qayta tarmoqqa ulanish uchun eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida toʼlovni amalga oshirish zarurligini tushuntiradi.

  Shunda, isteʼmolchi T.Nizaev talabnomada qayd etilgan telefon raqami boʼyicha Byuroning Mirzo Ulugʼbek tuman boʼlimi shoʼʼbasi inspektori D.Xayitboeva bilan bogʼlanib, holat boʼyicha tushuntirish soʼraydi.

  D.Xayitbaeva ham T.Nizaevga tarmoqqa qayta ulanish uchun eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida toʼlov qilish lozimligi haqida tushuntirib bergan va isteʼmolchi bilan qoʼpol muomalada boʼlmagan (suhbat videokamera qaydlari orqali oʼrganildi).

  Isteʼmolchining turmush oʼrtogʼi D.Karieva qayta toʼlov uchun eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida (405 ming 460 soʼm) toʼlovni amalga oshirgan va isteʼmolchi avtomat ulash moslamasi orqali ulangan.

  Ushbu holatda, Byuroning Mirzo Ulugʼbek tuman boʼlimi xodimi D.Komilov Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga toʼliq rioya etgan holda harakat qilgan.

  Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʼlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5059-sonli Farmonining 8-bandiga koʼra, isteʼmolchilar - jismoniy shaxslar har oyning 10-sanasiga qadar oʼtgan oyda isteʼmol qilingan energiya resurslari uchun toʼliq hisob-kitob qilishlari shart, aks holda belgilangan tartibda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan majburiy uzilishi koʼrsatilgan.

  Oʼz oʼrnida, ilgari uzib qoʼyilgan isteʼmolchi (jismoniy shaxs)larni qayta tarmoqqa ulash eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida toʼlov orqali amalga oshiriladi.

  Shunga asosan, Byuroning Mirzo Ulugʼbek tuman boʼlimi xodimi qarzdorligi mavjud boʼlgan isteʼmolchini elektr tarmogʼidan uzishga majbur boʼlishgan.

  T.Nizaev tomonidan “Ishlamayotgan muzlatgichdagi insulin yoki MIB xodimlarining muomalasi haqida” nomli maqolani tayyorlashda, bir tomonlama yondashilgan va holatga obʼektiv baho bermasdan, amaldagi qonun talablari inobatga olinmagan.

  Majburiy ijro byurosi isteʼmolchilarning amaldagi qonunchilik talablarini notoʼgʼri talqin etilishi va asossiz eʼtirozlar bildirilishini oldini olish maqsadida, isteʼmolchilarni energiya resurslaridan foydalanishga oid shartnoma majburiyatlari va toʼlov intizomiga rioya qilishga undaydi.

 

   Majburiy ijro byurosi

Davlat ramzlari

MIB boshqarmalari

Foydali havolalar